uzarchae@academy.uz +998662321513 fax:+998 662321513
1

Yahyo G‘ulomovich G‘ulomov (1908-1977 yy.). tarix fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi (1966 y.). Tarixchi-arxeolog, sharqshunos. 1956-1959 yy. O‘zR FA Arxeologiya instituti qadimgi va o‘rta asrlar tarixi bo‘limi boshlig‘i, shu bilan bir qatorda O‘zR FA Tarix va arxeologiya instituti direktori v.b. sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan. Iste’dodli tadqiqotchi va tashkilotchi, o‘zbek arxeologiya maktabi asoschisi. Ya. G‘ulomov tomonidan arxeologik yodgorliklarni o‘rta asrlar yozma manbalari bilan solishtirgan holda rejali tadqiq etish O‘rta Osiyo xalqlari ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tarixining bir qancha dolzarb muammolarini yechishga imkon berdi. Ya.G‘. G‘ulomovning O‘zbekiston sug‘orilish tarixiga oid ilmiy ishlari ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarning asosi bo‘lib xizmat qilib, xalq xo‘jaligi sohasida ham muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu tadqiqotlar natijasida bir nechta dehqonchilik vohalarining inqirozi faqatgina ijtimoiy-siyosiy sabablar bilan emas, balki aholi dehqonchilik xo‘jaliklarining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan sabablari ham ochib berildi. Monografiyalar va uslubiy qo‘llanmalar bilan qo‘shib hisoblaganda olimning qalamiga mansub 100 dan ortiq ilmiy ishlar mavjud.

2

Pugachenkova Galina Anatolyevna (1915-2007 yy.). San’atshunoslik doktori, professor, O‘zR FA akademigi (1984 y.), san’atshunos, tarixchi. “Navoiy davrida O‘rta Osiyo me’morchiligi” mavzusida nomzodlik ishini yoqlagan. 1960 yildan San’atshunoslik instituti san’at va me’morchilik tarixi bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat olib bordi. Ushbu bo‘limning olib borgan katta miqyosdagi arxeologik tadqiqotlari natijasida Xolchayon, Dalvarzintepa kabi noyob yodgorliklar ochib o‘rganilib, fanga katta yangiliklar kiritildi. Uning kushonlar davri san’atshunosligi bo‘yicha g‘oyalari dunyo faniga keng tarqaldi. Tarixiy-madaniy jarayonlarning umumlashgan konsepsiyasi san’atshunoslik fani rivojiga katta hissa qo‘shdi. 1966 yildan diqqatga sazovor joylar va yodgorliklarni saqlash Xalqaro Kengashi a’zosi bo‘ldi. (International Council of Monuments and Sites. I CJMJS). G.A. Pugachenkova – Strasburg Universiteti faxriy doktori, Germaniya Arxeologiya instituti muxbir a’zosi, O‘rta va Uzoq Sharq Italiya instituti muxbir a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, “Akademik palma” fransuz ordeni kavaleri, Hamza va Beruniy nomidagi davlat mukofotining ikki karra laureati. 1994 y. G.A. Pugachenkova Arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi bo‘lib ishladi. Olimaning Sharq xalqlari me’morchilik tarixi, tasviriy va amaliy san’ati tarixi va arxeologiyasiga bag‘ishlangan 600 dan ortiq ilmiy ishlari nashr etilgan.

3

Asqarov Ahmadali 1935 yilda tug‘ilgan. Tarix fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi (1987 y.) tarixchi, arxeolog. 1966 yildan O‘zR FA Tarix va arxeologiya instituti ilmiy xodimi, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishladi. Shundan so‘ng 1970-1980 va 1983-1987 yillarda yangi tashkil etilgan Arxeologiya institutida direktor lavozimida ishladi. “Zarafshon quyi oqimi havzasi bronza davrida” mavzusidagi nomzodlik ishini, 1977 yilda esa Moskvada “Janubiy O‘zbekiston bronza davri madaniyati (qadimgi sharq tamaddunining mintaqaviy o‘choqlari rivoji muammolari)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1984-1998 yy. O‘zR FA Prezidiumi Ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi raisi, 1991-1995 yy O‘zR FA tarix instituti direktori bo‘lib ishladi. Akademik A. Asqarovning ilmiy qiziqishlari ko‘lami juda keng: O‘rta Osiyo bronza va ilk temir davri ilk dehqonchilik va chorvachilik xo‘jaliklarining shakllanishi tarixi, O‘zbekiston xududida davlatchilik va shaharsozlikning paydo bo‘lishi, o‘zbek halqining etnogenezi va etnik tarixi, zardushtiylikning vujudga kelish manbalari va shakllanishi, arxeologik manbalar asosida milliy kurash sporti tarixini tiklash va b. U Old Osiyo tipidagi ilk dehqonchilik manzilgohlaridan bo‘lgan Sopolli madaniyatini va noyob Jarqo‘ton ibodatxonasini ochish sharafiga muyassar bo‘ldi. A. Asqarov – 450 dan ortiq ilmiy nashrlar muallifi. Ulardan 50 ga yaqini chet tillarda nashr etilgan, 16 monografiya, 1 darslik va 8 uslubiy qo‘llanma nashr etilgan. Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati (1985 y), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1995 y).

2

Muxamadjanov Abdulahad Raximjonovich (1931-2016 yy.) tarix fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi, sharqshunos, arxeolog. 1956 yildan O‘zR FA Tarix va arxeologiya instituti ilmiy xodimi. 1980-1983 yy. O‘zR FA Arxeologiya instituti direktori. 1973 y. “Zarafshon vohasi sug‘orilishi tarixi (qadimgi davrlardan XX asr boshlariga qadar)” mavzusidagi doktorlik ishini himoya qildi. A.R. Muhamadjonovning ilmiy qiziqishlari doirasiga O‘zbekiston qadimgi va o‘rta asrlar davri sug‘orilishi tarixi hamda Buxoro vohasi arxeologiyasi kiradi. A.R. Muhamadjonov 540 dan ortiq ilmiy va ilmiy ommabop nashrlar chop ettirgan. Ular orasida maktab darsliklari, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, OTM o‘quv qo‘llanmalari alohida o‘rin tutadi. Olimning Buxoro shahri va vohasi hududlaridagi yodgorliklarda olib borgan arxeologik tadqiqotlari fan rivoji uchun katta hissa qo‘shdi. Ushbu tadqiqotlar asosida mintaqaning yirik shaharsozlik markazi aniqlanib, Buxoro shahrining 2500 yillik yubileyi o‘tkazildi. A.R. Muhamadjanov O‘rta Osiyoda sug‘orma dehqonchilikning shakllanishi hamda Zarafshon va Buxoro vohalari sug‘orilishi tarixiga doir fundamental asarlar yozdi. A.R. Muxamadjonov Zarafshon vohasi suv resurslari muammolari, sug‘orma dehqonchilikning vujudga kelishi omillari, antik va o‘rta asrlardagi irrigatsiya, gidrotexnika rivoji muammolarini o‘rganib chiqdi.

5

Islomov O‘tkir Islomovich (1932-2013 yy.) tarix fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi (2000 y.). 1963 y. “Quyi Zarafshon neolit madaniyati” mavzusida nomzodlik ishini himoya qildi. 1963 yildan O‘zR FA tarix va arxeologiya instituti ilmiy xodimi. 1970 yilda Arxeologiya instituti tashkil etilish munosabati bilan dastlab “Antik davr arxeologiyasi” bo‘limini, so‘ngra “Tosh va bronza davri” bo‘limini boshqaradi. Zarafshon quyi oqimida qazuv ishlari bilan bir vaqtda O‘.I. Islomov Farg‘ona, Toshkent, Surxondaryo viloyatlaridagi mezolit davri yodgorliklarini o‘rganish bilan ham shug‘ullandi. Ushbu mezolit davri yodgorlikdarini o‘rganish ishlari natijasida O‘zbekiston qadimgi davr tarixining uzilib qolgan qismi to‘ldirildi. Obishir I, V, Machay kabi mezolit davri g‘or manzilgohlarini tizimli o‘rganish natijasida ular mezolit davri aholisi madaniyatining noyob namunasi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Olingan ko‘plab materiallarni chuqur o‘rganish, tosh sanoati mintaqaviy xususiyatlarini tasniflash ishlari O‘. Islomovga ushbu manzilgohlar madaniyat ekanligini isbotlashga imkon berdi. Ko‘p yillik tadqiqotlar asosida “O‘rta Osiyo mezoliti” mavzusidagi doktorlik ishini muvaffaqiyatli himoya qildi (1977 y.). O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi rahbari bo‘lib, ushbu ekspeditsiya tomonidan Toshkent viloyatidagi Obi-Rahmat g‘oridan bundan 50 ming yil ilgari yashagan neandertal va zamonaviy qiyofadagi tiplar oralig‘idagi inson tipining bosh chanog‘i qoldiqlarini topib o‘rganildi. Selung‘ur manzilgohining quyi qatlamlaridan topilgan bundan qariyb 1 mln yil ilgari yashagan arxantrop qoldiqlarining topilishi juda katta ilmiy yangilik sifatida e’tirof etildi. Akademik O‘.I. Islomov 160 dan ortiq ilmiy nashrlar muallifidir.

6

Buryakov Yuriy Fedorovich (1934-2015 yy.). tarix fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi (1995 y.) tarixchi, arxeolog. Asosiy ilmiy yo‘nalishi: tog‘ ishi va metallurgiya tarixi muammolari, O‘rta Osiyo,Toshkent va Sug‘d vohasi axoli manzilgohlari topografiyasi va urbanizatsiyasi. Yu.F. Buryakovning asosiy faoliyati tarixiy yodgorliklarni ro‘yxatga olish va saqlab qolish ishlari bilan bog‘liq bo‘ldi. Bu ishlarni u Tarix va arxeologiya institutida 1967-1970 yillarda katta ilmiy xodim, 1970-1973 yillarda O‘zR FA arxeologiya institutida ilmiy kotib, 1979 yillarda ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlab yurgan vaqtlarda amalga oshirdi. Yu.F. Buryakov dastlab Choch-Iloq, so‘ngra Choch-Ustrushona kabi yirik arxeologik ekspeditsiyalarga rahbarlik qildi. Arxeologiya institutida uzoq yillar mobaynida YUNЕSKO tomonidan tashkil etilgan “Buyuk Ipak yo‘li-xalqlarning aloqa yo‘li” dasturida faol ishladi. Yu.F. Buryakov 550 dan ortiq ilmiy va ilmiy–ommabop nashrlar muallifidir. Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati (1985 y).

Saytimiz haqida fikringiz

Saytimiz sizga yoqdimi?

Voting is over.View Result